Markaziy bank tomonidan aholining turli guruhlari isteʼmol kayfiyatini oʻrganish boʻyicha navbatdagi soʻrovlar oʻtkazildi.
Oʻrganishga respondentlarning daromadlari va xarajatlari tarkibi, mavjud pul-mablagʻlarini jamgʻarishga boʻlgan moyilligi, shuningdek, ularning kelgusida kreditga boʻlgan ehtiyojlarini aniqlash va tahlil qilish boʻyicha savollar kiritilgan.
Ishtirokchilarning qariyb 70%i daromadlarining asosiy manbai oylik ish haqi, 15% ga yaqini esa tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan daromadlarga toʻgʻri kelishini taʼkidlashgan. Xorijdan pul oʻtkazmalarni qayd etgan respondentlar ulushi esa 3,4% ga teng.
Hududlar kesimida ham rasmiy oylik ish haqi asosiy daromad manbai ekanligini koʻrish mumkin. Xususan, Toshkent shahri (68,8%), Buxoro (61%), Andijon (58,7%) va Toshkent viloyatlari (58,1%) respondentlari javoblarida oylik maoshning asosiy daromad sifatida yuqori ulushi qayd etilgan.
Tadbirkorlik faoliyati shugʻullanishni qayd etgan respondentlarning katta qismi Navoiy, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Namangan va Xorazm viloyatlari hissasiga toʻgʻri keldi.
Soʻrov natijalariga koʻra, jami respondentlarning katta qismi, yaʼni 60%i kelgusi oylarda yangi kredit olishga ehtiyojlari mavjudligi taʼkidlagan.
2021-yilning II choragida respondentlarning daromadi 1−3 mln soʻm tashkil etuvchi qismi kreditga boʻlgan talabi yuqoriligi qayd etishgan boʻlsa, III chorakda 3−5 mln soʻm va 5−7 mln soʻm daromadli respondentlarda ham kreditlarga boʻlgan ehtiyoji sezilarli ortganligi kuzatildi.
Tahlillarga koʻra, aksariyat respondentlar (45%) oʻz jamgʻarmalarini 3 oygacha yetishi mumkinligini taʼkidlashgan. Jumladan, jamgʻarmalari 1 oygacha yetadigan respondentlar ulushi 28% ni tashkil etgan boʻlsa, 1−3 oygacha boʻlgan davr uchun ushbu koʻrsatkich 16% ga teng. Biroq, jamgʻarmalari mavjud boʻlmagan respondentlar ulushi (42%) yuqoriligicha qolmoqda.
Avvalroq Spot Markaziy bank inflyatsiyaning tezlashib ketish sabablarini ma’lum qilganligi haqida yozgan edi.