Deputat Doniyor Gʻaniyev yozishicha, fuqarolarga mulkiy munosabatlarni amalga oshirishda davlat roʻyxatidan oʻtkazish jarayonlarini yengillashtirish va mulk huquqini toʻlaqonli tasarruf etishga qulay sharoitlarni yaratish maqsadida 2022-yil 1-yanvardan boshlab avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yigʻim toʻliq bekor qilinadi.
Deputat Moliya vazirligidagi manbalarga asoslanib yozishicha, “Davlat boji toʻgʻrisida"gi qonunga kiritilishi kutilayotgan oʻzgartirishga asosan avtomobil oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun undiriladigan davlat boji, transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan qatʼi nazar, BHMning 3 barobari (810 ming soʻm) etib belgilanadi (solishtirish uchun amaldagi toʻlov miqdori BHMning 2 barobari (540 ming)dan 10 barobarigacha (2 mln. 700 ming).
“Misol uchun, amaldagi tartibga asosan ot kuchi 105 boʻlgan va ishlab chiqarilgan sanasi 3 yildan koʻp boʻlmagan „Neksiya“ avtomobilining oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirish uchun hozir oʻrtacha 5 mln 535 ming soʻm xarajat talab qilinayotgan boʻlsa, qonunchilikka yuqoridagi oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng (2022-yil 1-yanvardan) bu xarajatlar taxminan 4 mln soʻmga kamayib, 1 mln 600 ming atrofida boʻladi”, — deya yozgan deputat.
Uning qoʻshimcha qilishicha, mamlakatimizda bir yilda 300 mingdan ortiq (ishonchnomalar bilan hisoblaganda aslida 700 mingdan oshadi) avtomobil oldi-sotdi shartnomalari amalga oshirilishini inobatga olsak, koʻzda tutilayotgan bu ijobiy oʻzgarishlar natijasida fuqarolar ixtiyorida qoʻshimcha 1,2 trln soʻmdan ortiq mablagʻ qoldiriladi.