Oʻzbekiston Mozori Sharif xalqaro aeroportini tiklash ishlarini olib boradi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev maʼlum qildi.
Mozori Sharifga 30 nafar texnik mutaxassislardan iborat guruh joʻnatilgan, ular obyektni qayta tiklash ishlarini amalga oshiradi.
Balx viloyati gubernatori Qudratulloh Abu Hamzaning soʻzlariga koʻra, tomonlar transafgʻon temir yoʻli loyihasi, elektr energiyasi yetkazib berish uchun kredit taqdim etish masalalarini ham muhokama qilgan.
Afgʻoniston aviatsiya va transport vaziri oʻrinbosari Hasibulla Suroshning soʻzlariga qaraganda, oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan barcha aviatsiya texnikasi, dispetcherlar minorasi, oʻt oʻchirish punkti, yorugʻlik tizimlari ishini tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, 83 nafar aeroport xodimi malaka oshirish uchun Oʻzbekistonga keladi.