Benzin narxi 10−15 kunda oʻzgaradi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Farruh Karabayev maʼlum qildi.

“Benzin narxlariga taʼsir qiluvchi omillar oʻrganildi, koʻrsatmalar berildi, choralar koʻrilyapti. Bu boʻyicha idoralararo ishchi guruh ishlayapti. Qayerda bozor mexanizmlari asosida tabiiy oʻsishga erishilgan boʻlsa, biz unga taʼsir koʻrsata olmaymiz. Lekin sunʼiy ravishda yuzaga keltirilgan, kelishib qilingan, manipulyatsiya harakatlariga taʼsir koʻrsatish mumkin”, deya taʼkidladi Karabayev.

Uning qoʻshimcha qilishicha, benzin narxi oshishida ham manipulyatsiya holatlari, arzon narxdagi benzinni sunʼiy ravishda annulyatsiya qilish alomatlari aniqlandi. Bunga kerakli choralar koʻriladi.

“Benzin narxini barqarorlashtirish, tushirish boʻyicha harakatlar davom etyapti, bu vaqt talab qiladigan masala. Lekin yaqin kunlarda narxlarda oʻzgarish boʻladi”.

Ayni paytda bozorni toʻyintirish, arzon narxlar asosida kichik xaridorlarga imkoniyat berish masalasiga eʼtibor qaratilyapti.

“Chunki hozir nima boʻlyapti? Yirik, ulgurji xaridorlar juda kichik rentabellikka ishlaydi, ularning savdo jarayonida balandroq taklif berish imkoni koʻproq. Shuning uchun ham lotlar kichik hajmda qilinmoqda, bundan maqsad — oddiy AYOQShlarning benzinni olishi va zaxirasini toʻldirishiga imkoniyat yaratishdan iborat. Bu narxlar sunʼiy ravishda koʻtarilishining oldini olishga yordam beradi”, dedi Farruh Karabayev.

Avvalroq Spot yil boshidan buyon AI-80 benzinining ulgurji narxi 72% ga oshganligi haqida yozgan edi.