Qashqadaryoda tadbirkor va viloyat innovatsion rivojlanish boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida Nishon tumanida chigirtkadan parhezbop un tayyorlash loyihasi ishlab chiqildi.
Maʼlum qilinishicha, loyiha qiymati 4,1 milliard soʼm boʼlib, yillik quvvati 80 tonna chigirtka unini ishlab chiqarishga moʼljallangan va har kilosi 3,7 dollardan sotiladi.
Аyni paytda chigirtka unini eksportga chiqarish uchun tadbirkor “Merry-Cricke” masʼuliyati cheklangan jamiyati va Saudiya Аrabistonidagi hamkorlar oʼrtasida shartnoma imzolangan.
Chigirtkani dalalardan yigʼib olish uchun aholi vakillari jalb qilinadi. Maxsus toʼr qoplarda hasharotlarni yigʼib topshirgani uchun ularga tegishli miqdorda haq toʼlanadi.
Bundan tashqari, chigirtka uni ishlab chiqarish hajmini koʼpaytirish maqsadida chigirtkalar chatishtiriladi va qayta ishlash uchun maxsus yetishtiriladi.
Maʼlumot uchun, Qashqadaryo viloyatida chigirtkani bartaraf etish yoʼlida har yili 130 ming gektar maydonga kimyoviy ishlov beriladi va sarf-xarajatlar uchun 10 milliard soʼmdan ziyod mablagʼ sarflanadi.