Prezidentning “Germaniya taraqqiyot banki ishtirokida “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori qabul qilindi.
Hujjatda Germaniya taraqqiyot banki (KfW) tomonidan Oʻzbekistonda “Kichik va oʻrta biznesni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash” loyihasini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasida qarz va grant bitimlari imzolangani aytilgan.
Loyihaning umumiy qiymati €29,8 mln boʻlib, shundan €26,8 mln KfWning kreditini; €3 mln loyihani amalga oshirish bilan bogʻliq konsultatsiya xizmatlari uchun KfW grantini tashkil etadi. Kredit yillik 2% li stavkada, 10 yillik imtiyozli davrni oʻz ichiga olgan holda 30 yil muddatga ajratiladi.