Instagram endi foydalanuvchilarning shaxsini tekshirish uchun videoselfilardan foydalanadi. Bu haqda “vc.ru” xabar bermoqda.
Shu oʻrinda Meta biometrik maʼlumotlarni toʻplamaslikka vaʼda beradi.
Instagram-ning tushuntirishicha, “shubhali holat” yuz berganda — masalan, koʻplab “layk"lar jamgʻarilganda yoki “bir necha soniya ichida bir qancha akkauntlarga” obuna boʻlgan taqdirda uning shaxsi tekshiriladi. Ijtimoiy tarmoq yuzni tanib olish texnologiyasidan foydalanmasligini va akkaunt ortida bot emas, balki haqiqiy odam turganiga ishonch hosil qilish uchun videoselfi soʻrashini taʼkidladi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, eʼlon qilingan videoselfilar ijtimoiy tarmoq jamoasi tomonidan koʻrib chiqiladi va fayllar 30 kun ichida oʻchirib tashlanadi.
Avvalroq Instagram oʻz suratlarini Twitter-da koʻrsatilishiga ruxsat bergan edi.