Tadbirkor Ilon Mask “Tesla"ning butun aksiyalarini sotib, mablag‘ni ocharchilikka qarshi kurashga yo‘naltirishi mumkin bo‘lgan shartini aytgan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat dasturi (WFP) Ilon Maskning $6,6 mlrd dunyoda ochlik muammosini hal qilishga qanday yordam berishi haqida batafsil reja tuzish haqidagi iltimosini bajardi. Bu haqda dastur ijrochi direktori Devid Bisli Twitterʼda yozdi.
WFP rejasidan olingan koʻchirmalarga koʻra, eng katta mablagʻ oziq-ovqat va uni tarqatish uchun sarflanishi taklif qilinmoqda ($3,5 mlrd).
Rejaga koʻra, $2 mlrd oziq-ovqat vaucherlariga sarflanishi kerak. $700 mln WFP 43 mamlakatdagi oziq-ovqat dasturlariga ajratmoqchi.
Qolgan $400 mln mablagʻ maʼmuriy xarajatlar uchun ajratiladi.
Hisob-kitoblarga koʻra, eng katta moliyaviy yordam Yamanga kerak, ikkinchi oʻrinda Janubiy Sudan bu masalada koʻmakka muhtoj. Shuningdek, roʻyxatning birinchi oʻntaligidan Afgʻoniston, Venesuela, Pokiston va Suriya ham joy olgan.