2022-yil oxirigacha davlat qarzi $33,5 mlrd ga yetishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan taqdim qilingan va 2022-yil uchun moʻljallangan byudjetnomada (PDF) keltirib oʻtilgan.
Shundan $23,5 mlrd Oʻzbekiston nomidan jalb qilingan, $6,9 mlrd Oʻzbekiston kafolatlagan tashqi qarz, $3,1 mlrd esa davlat ichki qarzi hisoblanadi.
2022-yilda davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish (asosiy qarz va foiz) xarajatlari $1,9 mlrd miqdorida, jumladan davlat budjeti mablagʻlari hisobidan $0,7 mlrd mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.
2021-yilning 1-iyul holatiga koʻra, Oʻzbekistonning Osiyo taraqqiyot bankidan $5 mlrd, Xitoydan $4,2 mlrd, Jahon bankidan $3,8 mlrd, Yaponiyadan $2,8 mlrd, xalqaro investorlardan $1,7 mlrd, Janubiy Koreyadan $1 mlrd, Islom taraqqiyot bankidan $900 mln, Fransiyadan $600 mln va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan $1,8 mlrd tashqi qarzi mavjud.
Sentyabr oyining oʻrtalarida Markaziy bank Oʻzbekistonning tashqi qarzi 2021-yilning birinchi olti oyida $35,9 mlrd ni tashkil etganligi, yil boshidan buyon u 6% ga yoki $2 mlrd ga oʻsganligi haqida xabar bergan edi.