Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga koʻra, joriy yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonda koʻchmas mulk oldi-sotdisi boʻyicha 21,6 mingta shartnoma rasmiylashtirilgan.
Bu sentyabr oyiga (19,3 ming) nisbatan 11,7% ga koʻp. Shu bilan birga, 2020-yilning mos davriga (19,7 ming) nisbatan oʻsish 9,5% ni tashkil etmoqda.
2021-yilda koʻchmas mulk boʻyicha maksimal faoliyat avgust oyiga toʻgʻri kelgan. Shu bilan birga sentyabr oyiga nisbatan barcha hududlarda oʻsish kuzatilgan.
Xususan, koʻchmas mulk oldi-sotdisining eng yuqori oʻsish surʼatlari Andijon (30,5%), Xorazm (25,4%), Navoiy (22,2%) viloyatlarida, eng past koʻrsatkich esa Surxondaryo (5,7%), Toshkent (8,4%) viloyatlarida va Toshkent (7,5%) shahrida qayd etilgan.
Koʻchmas mulk bozorida bitimlar soni koʻpayishining asosiy sabablari sifatida pandemiya inqirozidan keyin aholi sotib olish qobiliyatining tiklana boshlashi keltirilgan boʻlib, bu oʻz navbatida yigʻim-terim mavsumining oxiri va qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan daromad olish bilan bogʻliqligi aytib oʻtilgan.
Avvalroq Spot ayrim yoshlarga uy-joy qurish uchun garovsiz ipoteka kreditlari ajratish tartibi belgilanligi haqida yozgan edi.