2021-yil 1-maydan 2023-yil 1-yanvarga qadar ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan toʻliq qaytarib beriladi.
Bunda:
- ijtimoiy soliq summasi qoplab berilishi soʻralayotgan yosh xodim hisobot oyida 25 yoshdan oshmagan boʻlishi;
- 25 yoshgacha boʻlgan yosh xodim uzluksiz 6 oy davomida mehnat faoliyatini amalga oshirgan boʻlishi;
- ish beruvchi tomonidan belgilangan tartibda ijtimoiy soliq uzluksiz toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat mavjud boʻlishi lozim.
Yuqoridagi talablarga javob bermaydigan ish beruvchining arizasi rad etiladi.
25 yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun ijtimoiy soliq summasini qaytarishga ariza berish uchun:
- My3.soliq.uz saytidagi shaxsiy kabinetga elektron raqamli imzo (ERI) yordamida kiriladi. “Xizmatlar” “Soliq majburiyatlari”, “Ijtimoiy soliq summasini qaytarish” boʻlimlari ketma-ketlikda tanlanadi.
- Ochilgan oynada ish beruvchi haqidagi maʼlumotlar avtomatik shakllanadi.
- Ijtimoiy soliq summasini qaytarish soʻralayotgan davr koʻrsatiladi.
2022-yil dekabr oyi uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish uchun ish beruvchi tomonidan ariza berishning oxirgi muddati — 2023-yil 1-aprel.
- Tegishli sanalar kiritilgach, korxonaning 6 oy davomida uzluksiz ishlagan 25 yoshgacha boʻlgan xodimlari roʻyxati va ijtimoiy soliq summasi avtomatik tarzda shakllanadi.
- Maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi, xususan, ijtimoiy soliq stavkasi, miqdori va yuridik shaxsning bank rekvizitlari — pul mablagʻlari qaytariladigan hisob raqami tekshiriladi.
- “Ariza shakllantirish” tugmasi bosiladi. Soʻngra ariza va uning ilovasi shakllanadi. Ilovani saqlash va chop etish mumkin.
- Kiritilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligiga yana bir bor ishonch hosil qilingach, “Arizani yuborish” tugmasi bosiladi.
“Yuborilgan arizalar” boʻlimida ariza holati, ijrochisi va koʻrib chiqish muddatlari haqida toʻliq maʼlumotlar aks ettiriladi.
Ariza 5 ish kunida oʻrganib chiqiladi.
Taqdim etilgan ariza barcha talablarga javob bersa, 1 ish kuni ichida shakllantiriladigan soliq organlarining tegishli xulosasi bilan birga Moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilikka yuboriladi.
25 yoshgacha boʻlgan xodimlar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasini qaytarish tartibi byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.