Mehnat qonunchiligiga asosan ish beruvchilarga vaksina olmagan xodimlarini ishdan chetlashtirish huquqi berildi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar qilmoqda.
Mehnat kodeksining 113-moddasida karantinli va odam uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud boʻlganda bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda (sogʻligʻi holatiga koʻra qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmaganda) ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli.
Vazirlik xabarida aytilishicha, qonunchilik meʼyorlari toʻgʻri, aniq va bir xil qoʻllanilishini taʼminlash maqsadida tavsiyaviy xarakterdagi tushuntirish ishlab chiqildi.
Bunda, karantinli va odam salomatligi uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlashdan oʻtishni rad etish Mehnat kodeksining 113-moddasi 3-qismiga asosan xodimni ishdan chetlashtirish boʻyicha buyruq chiqarishga asos boʻladi.
Ish beruvchi karantin va odam uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan oʻtish majburiyati yuzasidan kasaba uyushma bilan kelishilgan holda qabul qilinadigan ichki mehnat tartib qoidalari, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlarga qoʻshimcha kiritishi lozim.
Ishdan chetlashtirish boʻyicha buyruq chiqarishdan avval xodimdan emlashni rad etish boʻyicha yozma ariza olinadi. Agar xodim yozma ariza berishdan bosh torsa, xodimning emlanishni rad etganlik va bu boʻyicha ariza berishdan bosh tortgani yuzasidan dalolatnoma tuziladi. Ishdan chetlashtirish boʻyicha buyruq bilan xodim imzo qoʻygan holda tanishtiriladi.
Bosh sanitariya vrachining qaroriga asosan profilaktik emlashlar oʻtkaziladigan shartlar olib tashlanguncha, ammo, bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan bitta profilaktik tadbir boʻyicha jami uch oydan ortiq boʻlmasligi kerak.
Xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi. Xodim ishdan chetlashtirilgan boʻlsa, ish beruvchi va xodim oʻrtasida tuzilgan mehnat shartnomasi, mehnat intizomi toʻgʻrisidagi nizom va ustavlari, ichki mehnat tartibi qoidalarida belgilangan ishdan chetlashtirishning maksimal muddati davomida, tibbiy qarshiliklar boʻlmaganda emlashdan bosh tortgan xodimlarga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasiga muvofiq intizomiy jazo qoʻllanilish choralari nazarda tutilishi mumkin.
Xodimning sogʻligʻi holatiga koʻra profilaktik emlashdan oʻtishni rad etadigan qarshi koʻrsatma mavjud boʻlganda ish beruvchi va xodim oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq xodim masofaviy ish rejimiga oʻtkazilishi mumkin. Karantin va odam uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi munosabati bilan emlashdan oʻtishni tashkillashtirish ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Mazkur normalar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qoʻmitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan lokal hujjatlarda belgilanadi.
Maʼlumot uchun, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini Sogʻliqni saqlash vazirligining emlash.uz axborot tizimiga integratsiya orqali ish beruvchilarning shaxsiy kabinetida “Koronavirusga qarish emlanganlar soni” va “Koronavirusga qarshi emlanmagan xodimlar roʻyxati” yuritilmoqda. Shuningdek, ish beruvchilar kesimida xodimlarning emlanganlik darajasi boʻyicha monitoring olib borish imkoniyati mavjud.