Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va Meta (Facebook) kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanadi. Bu haqda Fond Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, Fond va Meta kompaniyasi oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolanadi, 2022-yilga moʻljallangan qoʻshma tadbirlar rejasi ishlab chiqiladi.

“Unga asosan, mamlakatimizdagi OAV, davlat idoralari va mansabdor shaxslar, hatto davlatimizning xorijdagi elchilari sahifalarini verifikatsiyalash, matbuot kotiblari, jurnalistlar va blogerlar uchun oʻquv kurslari oʻtkazishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.

Maʼlumot berilishicha, kurslarda kontent yaratish va uni boshqarish, yolgʻon axborotlarga qarshi kurash usullari ham oʻrgatiladi. Allamjonovning qoʻshimcha qilishicha, kiberxavfsizlik sohasida raqamli savodxonlikni oshirish, ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan maksimal darajada unumli foydalanish mavzularida ham yoshlar uchun maxsus treninglar hamkorlikda joriy qilinadi.