Davlat statistika qoʻmitasining xabar berishicha, 2021-yil yanvar-oktabr oylarida Oʻzbekiston tashqi savdo aylanmasi $32,65 mlrd ni tashkil etdi va bu koʻrsatkich 2020-yilning shu davriga nisbatan $2,55 mlrd ga oʻsdi (oʻsish — 8,5%).
Tashqi savdo aylanmasi umumiy hajmidan eksport $12,43 mlrdni (2020 yil yanvar-oktabr oylariga kelib 6,7% ga pasayganligi qayd etilgan), import esa $20,22 mlrd ni (oʻsish 20,5%) tashkil etdi.
Natijada, tashqi savdo saldosi passiv balansni tashkil etdi — $7,78 mlrd.
Tashqi iqtisodiy faoliyatda 20 ta yirik hamkor davlatlar qatorida toʻrt davlat, xususan, Afgʻoniston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkiya bilan faol tashqi savdo balansi mavjud. Qolgan 16 ta davlatda tashqi savdo aylanmasining passiv balansi saqlanib qolgan.
Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoning 179 davlati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda. Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi Xitoy (18,6%), Rossiya (18,0%), Qozogʻiston (9,7%), Turkiya (8,3%), Koreya Respublikasi (4,7%), Qirgʻiziston (2,4%) va Germaniya (1,9%) mamlakatlariga toʻgʻri keldi.