Hukumat qaroriga koʻra, 2022−2024-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishning maqsadli koʻrsatkichlari hamda xalqaro va davlat ahamiyatiga molik avtomobil yoʻllarini mobil aloqa qamrovi bilan taʼminlash reja-jadvali tasdiqlandi.

Qarorda aytilishicha, 2023-yilgacha quyidagilar amalga oshiriladi:

  • xalqaro maʼlumotlar uzatish kanalining oʻtkazuvchanlik qobiliyati 3,5 marotaba oshiriladi;
  • 150 ming km optik tolali aloqa liniyalari qurilish hisobiga maʼlumotlar uzatish tarmogʻi kengaytiriladi;
  • optik tolali aloqa liniyalari barcha aholi punktlariga yetkazilib, uy xoʻjaliklarining kamida 80%i Internetga keng polosali simli ulanish imkoniyati bilan taʼminlanadi.

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan Internetga keng polosali ulanish tarmoqlarini loyihalash va qurishda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • maʼmuriy binolar va koʻp kvartirali uylarni kamida 1 Gbit/s oʻtkazuvchanlik qobiliyati bilan;
  • taʼlim tashkilotlari, sogʻliqni saqlash muassasalari va boshqa davlat tashkilotlarini kamida 100 Mbit/s oʻtkazuvchanlik qobiliyati imkoniyati bilan ulash.

Shuningdek, 2021-yil yakunigacha barcha ichki ishlar organlari tayanch punktlari, mahalla fuqarolar yigʻinlari, jazoni ijro etish muassasalari, ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari xonalari, xalq taʼlimi muassasalari, davlat arxivlari va tashkilotlari Internetga keng polosali ulanadi.