Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining xabar berishicha, 22-noyabr kuni AI-80 markali avtomobil benzinining oʻrtacha sotilish narxlari 1 tonnasi 10 129 ming soʻmdan 8 570 ming soʻmgacha pasayib, 15% ga arzonlashgan.
Qayd etilishicha, 1 tonnalik lotlar hajmi joriy yilning 22-noyabridan 50% gacha oshirilgan.
Mazkur kunda birja savdolariga jami 4 ming 317 tonna AI-80 markali benzin qoʻyilgan boʻlsa, shundan 3 ming 879 tonna yoki 90% i sotilgan.
Kichik 1 tonnalik lotlar savdosida Buxoro NQIZ tomonidan mahalliy xomashyodan ishlab chiqarilgan benzinning oʻrtacha sotish narxi 7055 ming soʻmgacha pasaydi yoki 16-noyabrga nisbatan 28% ga arzonlashgan, “Sanoat energetika guruhi” MChJ QK mahsuloti boʻyicha pasayish 15% ni tashkil etgan.
Shuningdek, birja savdolari orqali benzin sotib oluvchi kunlik xaridorlar soni 7 barobarga oshgan (32 tadan 239 taga).
Koʻrilayotgan choralar natijasida birja savdolarida narxlar arzonlashayotgan boʻlsa-da, bu yonilgʻi quyish shoxobchalaridagi narxlarga deyarli taʼsir qilgani yoʻq.
Avvalroq qoʻmita raisi oʻrinbosari Farruh Karabayev benzin narxi yaqin kunlarda oʻzgarishi haqida aytgan edi.