Toshkent metrosida yoʻl haqini inson yuzi orqali toʻlash imkonini beruvchi FacePay tizimi paydo boʻldi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.
Metropolitenning Buyuk ipak yoʻli bekatida sinov tariqasida ishga tushirilgan FacePay qurilmasida yoʻlovchi validatorga qarasa yetarli — yoʻl haqi bank kartasidan avtomatik tarzda yechib olinadi.
Maʼlumotlarga koʻra, agar ushbu amaliyot oʻzini oqlasa, tizim nafaqat metro, balki tez orada avtobus va yoʻnalishli marshrutkalarda ham yoʻlga qoʻyilishi mumkin.
Yagona portal axborotiga koʻra, joriy yilda jamoat transportida ayrim bank kartalari orqali ham yoʻl haqi toʻlash imkoniyati yaratildi. Xalqaro toʻlov tizimlari bilan hamkorlik tufayli Oʻzbekistonga kelayotganlar Viza, Mastercard, UnionPay, “Mir” kartalari orqali jamoat transportida toʻlovlarni amalga oshirishi mumkin boʻldi.
Avvalroq Spot Global Pay va 1HLSW elektron pullar tizimi Markaziy bankning Elektron pullar tizimi reyestriga kiritilib, elektron pullar chiqarilishi faoliyatiga ruxsat berilganligi haqida xabar bergan edi.