Rossiya davlat taraqqiyot korporatsiyasi (VEB RF) Oʻzbekistondagi eng yirik misni qayta ishlash fabrikasi uchun Rossiya uskunalarini yetkazib berishni moliyalashtiradi. Fabrika quvvati boʻyicha MDH davlatlari orasida yagona boʻladi, deb xabar berdi VEB matbuot xizmati.

VEB.RF va “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (OKMK) oʻrtasida kredit shartnomasi Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi arafasida imzolangan.

VEB RF kompaniyasining 712 mln yevro miqdoridagi krediti Olmaliqda yiliga 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega misni qayta ishlash fabrikasi majmuasi qurilishini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.

Loyiha Yoshlik I konini oʻzlashtirish va keyinchalik uni mavjud Qalmoqqir koni bilan birlashtirishni nazarda tutadi. Qoʻshma kon mis rudasi zaxiralari boʻyicha dunyodagi eng yirik konlardan biriga aylanadi. OKMK maʼlumotlariga koʻra, MDH hududida birinchi marta bunday quvvatga ega fabrikani qurish rejalashtirilgan. Uni amalga oshirish uchun Chili va Perudagi mis karyerlarida shunga oʻxshash tarmoqlar oʻrganildi.

Mablagʻlar loyiha doirasida Rossiya uskunalari va xizmatlari uchun haq toʻlashga, shuningdek, uni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlarning bir qismini qoplashga yoʻnaltiriladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichini hisobga olgan holda, OKMK rudani qayta ishlash hajmini yiliga 160 mln tonnaga yetkazishni rejalashtirmoqda, bu esa 2028-yilga borib katodli mis ishlab chiqarishni yiliga 400 ming tonnagacha oshirish imkonini beradi. Bundan tashqari, OKMK 2028-yilgacha yiliga 270 tonna kumush va 50 tonna oltin qazib oladi.

Fabrikaning qurilish qiymati $2 mlrd ni tashkil etadi. Loyihani moliyalashtirishda Gazprombank va EKSAR ham ishtirok etmoqda. Avvalroq, VEB RF OKMKga togʻ-kon samosvallari va togʻ-kon uskunalarini sotib olish uchun kreditlar ajratgandi.

Avvalroq Spot “Зарубежнефть” Jizzax Petroleum neft kompaniyasini xarid qilishga qiziqish bildirayotgani haqida yozgan edi.