Germaniyaning “Siemens” kompaniyasi Oʻzbekistonda past va yuqori kuchlanishli elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqaradi. “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi raisi M. Yunusov rahbarligidagi delegatsiyaning Germaniyaga safari davomida shunday kelishuvga erishilgan. Bu haqda uyushma Axborot xizmati xabar qilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, uyushma tarkibiga kiruvchi “Oʻzelektroapparat-Electroshield” korxonasi Germaniyaning Myunxen shahrida “Siemens” kompaniyasi bilan kelishuv bitimini imzolagan.

“Siemens” kompaniyasi Oʻzbekiston bilan texnologik hamkorlik qilishga tayyor. Biz faoliyat yuritayotgan barcha hududlarda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga intilamiz, Oʻzbekiston ham bundan mustasno emas. Biz “Oʻzelektroapparat- Electroshield” kompaniyasi bilan birgalikda elektrotexnika jihozlarini Oʻzbekistonda mahalliylashtirishga kelishib oldik. Buning uchun bizda zarur imkoniyatlar mavjud. Xususan, biz Oʻzbekistonda aqlli texnologiyalarni joriy etish barobarida kadrlar malakasini oshirishga ham eʼtibor qaratamiz, — deydi “SIEMENS” kompaniyasi bosh direktori Liberov.

Taʼkidlanishicha, kompaniya mamlakatda “yashil energetika” sohasida tejamkor texnologiyalarni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratishni reja qilgan.