Spot 2021-yil 1-dekabrdan biznes va iqtisodiyotga aloqador turli sohalarda kuchga kiradigan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhini taqdim etadi.


Chet elda yashovchi Oʻzbekiston fuqarolari va xorijiy shaxslarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi

Prezident farmoniga koʻra:

  • chet elda doimiy yashovchi Oʻzbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
  • Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlaridagi milliy valyutadagi toʻlovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi.


Koʻchma savdo obyektlari elektron tarzda roʻyxatdan oʻtkaziladi

Prezident qaroriga binoan koʻchma savdo faoliyati tadbirkorlik subyektlari tomonidan koʻchma savdo obyektlarini elektron tarzda “K — SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida roʻyxatdan oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik subyektlaridan roʻyxatdan oʻtkazish uchun yigʻim undirilmaydi.


Yetkazib berilgan mahsulot uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qoʻyilgan taqiq bekor qilinadi

Prezident farmoniga asosan, 2021-yil 1-dekabrdan:

  • yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, koʻrsatilgan xizmatlar) uchun toʻlovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilish boʻyicha tijorat banklariga qoʻyilgan taqiq;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni koʻrsatish) toʻgʻrisida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan toʻlovni belgilashga doir talab;
  • qishloq xoʻjaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab bekor qilinadi.