MIB Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi qurilishi tugallanmagan binoni auksionga qoʻydi.
Muassasa Furqat va Navoiy shoh koʻchasi chorrahasida joylashgan. Toʻrt qavatli binoning qurilishi 1999-yilda boshlangan, biroq uchastkadagi ishlar tugallanmagan.
Bino 443 kv.metr maydonda joylashgan. Binoning umumiy maydoni 1363 kv.metr, shundan foydalanishga yaroqli maydoni 1189 kv.metrni tashkil etadi. Barcha kommunikatsiyalar — gaz, suv, kanalizatsiya va elektr energiyasi mavjud.
Lotning boshlangʻich bahosi — 18,9 mlrd soʻm. Savdolari 27-dekabr kuni boʻlib oʻtadi, ariza topshirishning oxirgi muddati 25-dekabr.
Mazkur lot joriy yilning avgust oyida xoʻjalik sudi qarori bilan sotuvga qoʻyilgan (4−1001−2115 / 14526-sonli ijro hujjati).
Avvalroq Spot Yunusobodda joylashgan maʼmuriy bino auksionga qoʻyilganligi haqida yozgan edi.