Moliya vazirligi hisobotiga koʻra, davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga nisbati barqarorlashish tendensiyasi saqlanib qolib, yil boshidagi 38,9% dan (1-iyul holatiga — 38,5%) joriy yilning 1-oktyabr holatiga 38,4% gacha pasaydi.

Qayd etilishicha, joriy yilning iyul-sentyabr oylarida davlat qarzi qoldigʻining $1,1 mlrd ga oshishi, asosan, davlat byudjeti taqchilligining moliyalashtirilishi va investitsion loyihalarning amalga oshirilishi natijasida qarz mablagʻlarining oʻzlashtirilishi bilan birga, $356,4 mln miqdoridagi davlat qarzining soʻndirilishi bilan izohlanadi.

Natijada, joriy yilning III choragida: Oʻzbekiston nomidan jalb qilingan tashqi qarz qoldigʻi $897,6 mln ga oshdi; davlat kafolati ostida jalb qilingan tashqi qarz qoldigʻi $42,2 mln ga oshdi; davlat tomonidan kafolatlangan hamda davlat byudjetidan qaytariladigan ichki majburiyatlar qoldigʻi $102,2 mln ga oshdi; Oʻzbekiston nomidan $1 196,4 mlrd soʻmlik davlat qimmatli qogʻozlarini (DQQ) emissiya qilinishi va 407,2 mlrd soʻm miqdoridagi DQQ soʻndirilishi natijasida DQQ boʻyicha qarzdorlik qoldigʻi 789,2 mlrd soʻmga oshdi.

Bildirilishicha, joriy yil boshidan kuzatilayotgan davlat qarzining YaIMga nisbati pasayish tendensiya, asosan, davlat qarzini xavfsiz darajada saqlash va uni samarali boshqarish borasida amalga oshirilayotgan prudensial choralar, yalpi ichki mahsulotning real oʻsish surʼatlari oshishi bilan izohlanadi.

Yalpi ichki mahsulotning real oʻsish surʼati joriy yilning III choragida 6,9% ni tashkil etgan boʻlsa, AQSh dollaridagi davlat qarzi qoldigʻi 4,6% ga oshdi.

Oʻzbekiston nomidan yoki davlat kafolati ostida yangi jalb qilinadigan qarz hajmiga belgilanayotgan yillik limitlar bosqichma-bosqich maqbullashtirib borilayotgani aytiladi.

2020-yilda davlat tashqi qarzini jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi $5,5 mlrd miqdorida belgilangan (amalda $5,35 mlrd miqdoridagi davlat tashqi qarz bitimlari imzolangan). 2021-yilda davlat ichki va tashqi qarzlarini jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi $5,5 mlrd (shundan, davlat qimmatli qogʻozlarining sof hajmi — 5 trln soʻm) miqdorida belgilangan.

“2022-yil uchun Oʻzbekiston davlat byudjeti toʻgʻrisida"gi qonun loyihasi bilan 2022-yilda davlat tashqi qarzlarini jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi $4,5 mlrd, Oʻzbekiston nomidan chiqariladigan davlat qimmatli qogʻozlarining cheklangan sof hajmi 6 trln soʻm miqdorida belgilanishi taklif etilmoqda.