Yangi metro liniyasini qurish prezidentning “Toshkent shahrida yerosti yoʻli hamda yerusti halqa metro liniyasini qurish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi, deb yozmoqda“Norma”.
Tasdiqlangan texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlar boʻyicha loyihaning umumiy qiymati $354,3 mln ni tashkil etishi koʻzda tutilgan. Bu mablagʻlar quyidagi manbalar hisobidan moliyalashtiriladi:
- Davlat byudjeti mablagʻlari — $208,3 mln;
- Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan — $108, 3 mln;
- Xitoy Eksimbankining $500 mln krediti hisobidan;
- Davlat ulushi — $37, 07 mln.
Loyihaning kapitallashuvi $317,2 mln ni tashkil etib, bu mablagʻlar mashina, asbob-uskunalar va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.
Qayd etilishicha, Xitoy Eksimbankining krediti 20 yil muddatga, besh yillik imtiyozli davr bilan berildi. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi krediti esa toʻrt yillik imtiyozli davr bilan 15 yilga taqdim qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenini yanada rivojlantirish maqsadida “Buyuk ipak yoʻli” bekatidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha yerosti yoʻli hamda yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalashtirilayotgani haqida aytib oʻtgandi.
Avvalroq Spot metro bekatlarida savdo va xizmat koʻrsatish maydonchalari tashkil etilib, auksion shartlarida ijaraga berilishi haqida yozgan edi.