Qozogʻiston hukumati “omikron” shtammi tarqalishining oldini olish maqsadida bir qator davlatlardan xorijliklarning mamlakatga kirib kelishini cheklashga qaror qildi. Bu haqda respublika sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari Marat Shoranov maʼlum qildi.
Shoranovning soʻzlariga koʻra, Botsvana, Namibiya, Lesoto, Zimbabve, Mozambik, Madagaskar, Tanzaniya va boshqa davlatlardan boʻlgan xorijiy fuqarolarning Qozogʻistonga kirishiga cheklov qoʻyiladi. Cheklov chorasi 3-dekabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, “omikron” shtammi aniqlangan davlatlardan kelganlar uchun PZR testini taqdim etish boʻyicha majburiy talab joriy etiladi. Bundan tashqari, hukumat Misr bilan ham aviaqatnovlarni toʻxtatishga ham qaror qilgan.
Qozogʻistonning oʻzida koronavirus infeksiyasining “omikron” shtammi hozircha aniqlanmadi.