Kelgusi yilda ipoteka dasturlari doirasida 50 mingga yaqin xonadonli uy-joylar quriladi. Bunga qariyb 13 trln soʻm maqsadli kredit va 1,3 trln soʻm subsidiya ajratiladi. Bu haqda Prezident selektor yigʻilishida aytib oʻtgan.
“Bu dastlabki hisob-kitoblar. Agar talab boʻlsa, yana qoʻshimcha resurs ajratiladi”, — dedi Prezident.
Bundan tashqari:
- ipoteka kreditlari va subsidiya olishda, uy-joy maydoni va narxi bilan bogʻliq cheklovlar ipoteka kreditlari shartlaridan chiqarib tashlanadi;
- ehtiyojmand aholiga dastlabki badalning bir qismini qoplash uchun 32 million soʻm subsidiya toʻlanadi;
- ehtiyojmand aholi tomonidan kreditni qaytarishda foizning davlat tomonidan qoplab beriladigan subsidiya miqdori barcha hududlar uchun bir xil — 10% etib belgilanadi (hozirda viloyatlarda 10%, Toshkent shahrida 12% dan yuqori qismi qoplab berilmoqda);
- subsidiyalar yakka tartibdagi uy-joy qurish va taʼmirlash uchun olingan kreditlar uchun ham beriladi;
- ipoteka kreditini olishda qarindosh boʻlmagan fuqarolarning kafil boʻlishiga ruxsat beriladi (bugungi kunda faqat yaqin qarindoshlar kafil boʻla oladi).
Shuningdek, kelgusi yilda uy-joy qurilish klasterlarini qoʻllab-quvvatlash uchun $150 mln resurs jalb qilishga koʻrsatma berildi. Prezident ijtimoiy ahvoli ogʻir xotin-qizlar, chin yetimlar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ikkilamchi bozordan ham uy-joy olishlariga imkoniyat yaratilishini taʼkidladi.