Avvalroq Spot Qishloq xoʻjaligi yerlarini dronlar yordamida kuzatish yoʻlga qoʻyilishi haqida yozgan edi.
Oʻzbekistonning fuqaro va davlat aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda fuqaro aviatsiyasida uchuvchisiz uchish qurilmalariga qoʻyiladigan talablarga oʻzgartirishlar kiritildi.
Aniqlik kiritilishicha, dronlarning maksimal uchish ogʻirligi 25 kilogrammdan koʻp boʻlmasligi kerak, bundan qishloq xoʻjaligida agrotexnika tadbirlari uchun moʻljallangan uchuvchisiz uchish qurilmalari mustasno, ularning uchish ogʻirligi 100 kilogrammdan oshmasligi kerak.
Qimmatbaho metallarni oltin izlovchilar usulida qazib olish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 116-bandi yangi tahrirda bayon etildi.
Yer uchastkalari egalari, foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlariga yetkazilgan zararlar, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklariga, shuningdek, yerlarning qishloq xoʻjaligi muomalasidan chiqishiga sabab boʻlgan hollarda yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritildi.
Nobudgarchiliklar miqdori oʻzini oʻzi moliyalashtirish asosida “Oʻzdaverloyiha” davlat ilmiy-loyiha instituti va uning hududiy boʻlinmalari, Qurilish vazirligi qurilish boʻlim (boshqarma)lari tomonidan baholash tashkilotini jalb etgan holda aniqlanadi.