Oʻzbekiston Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jamgʻarmasida Janubiy Koreyaning “Kobea Group” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi, unda investitsiyalarni jalb qilish va tokenlarni chiqarish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlik qilish borasida kelishuvlarga erishildi. Bu haqda “uznews” xabar bermoqda.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar oʻzaro memorandum imzoladilar, unga koʻra hamkorlik ichiga quyidagilar kiradi:

  • istiqbolli kompaniyalarni tanlash hamda tokenlarni chiqarish va joylashtirish orqali investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan Oʻzbekiston kompaniyalari tomonidan yangi loyihalarni amalga oshirishda koʻmaklashish;
  • Oʻzbekiston rezidentlari tomonidan chiqarilgan tokenlarni xalqaro bozorlarda ilgari surish va sotish.

Maʼlumot uchun, token raqamli dunyoda kripto-aktivdir.

Birja tokenlari loyihalarni ishlab chiqish uchun zarur boʻlgan investitsiyalarni jalb qilishga moʻljallangan. Investorlar daromad olish va uning qiymatini oshirish uchun tokenlarni sotib olishadi.

Eslatib oʻtamiz, “Kobea Group” AJ 2019-yilda Oʻzbekistonda UZNEX kripto-birjasi faoliyatini yuritish uchun litsenziya olgan va Markaziy Osiyo mintaqasidagi birinchi rasmiy litsenziyalangan kripto-birjaga aylangandi.