Vazirlar Mahkamasi qarori bilan import qilinadigan tovarlarga nisbatan tarif kvotalarini qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Tarif kvotasi — ayrim turdagi tovarlarni bojxona hududiga olib kirishning muayyan davri mobaynida belgilangan miqdorda import qilinadigan tovarlarga nisbatan import bojxona bojlaridan kam stavkalardan foydalanishni nazarda tutuvchi tartibga solish chora-tadbirlari, belgilangan miqdordan koʻp holatlarda import bojxona bojlarining amaldagi stavkalari qoʻllanilishi.

Kelib chiqishi boshqa mamlakatlardan boʻlgan va Oʻzbekiston bojxona hududiga olib kirilayotgan tovarlarga nisbatan tarif kvotasi hajmi, amal qilish muddati va import bojxona boji stavkasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Tarif kvotalari hajmlari Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining qaroriga muvofiq import qiluvchilar oʻrtasida taqsimlanadi, Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib belgilangan hollar bundan mustasno.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan birgalikda isteʼmol hajmlarini, ishlab chiqarish quvvatlarini va ichki bozor narxlarining oʻzgarishini inobatga olgan holda tarif kvotalarini joriy qilish boʻyicha bir yilda kamida bir marta Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritadi.

Xoʻjalik yurituvchi subyekt tarif kvotalarini qoʻllash uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.

Vazirlar Mahkamasi taqdim etilgan takliflar asosida tarif kvotalari hajmlarini belgilash yoki belgilamaslik, ularning muddatlari va boj stavkasi toʻgʻrisida yakuniy xulosani qabul qiladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tarif kvotasini joriy qilish toʻgʻrisida OAVda va oʻzining rasmiy saytida berilgan eʼlonga muvofiq tarif kvotasi hajmlarini taqsimlash boʻyicha 10 ish kunida rezidentlardan arizalar qabul qiladi.