Oʻzbekistonda “Kundalik” taʼlim platformasiga Zoom integratsiyasi amalga oshirildi. Bu haqda “Kundalik” matbuot xizmati Spotga maʼlum qildi.
Taʼlim faoliyatini rejalashtirishda oʻqituvchilar video bilan onlayn dars oʻtishni rejalashtirishlari mumkin. Buning uchun oʻqituvchi kalendar rejalashtirish boʻlimida “Onlayn video darsni rejalashtirish” tugmasini bosishi kerak, video konferensiya xizmatlari bilan oynada “Zoom"ni tanlashi lozim.
“Kundalik” “Zoom"da oʻtadigan konferensiyaga havola yaratadi hamda uni dars sahifasi va kalendar rejalashtirishda saqlab qoʻyadi. Oʻqituvchi va oʻquvchining dars jadvalida mazkur dars “Zoom"dan foydalangan holda masofaviy formatda oʻtkazilishini bildiruvchi kamera belgisi paydo boʻladi.
Oʻqituvchi video konferensiya davomida “Ekran bilan boʻlishish” tugmasini bosish va oʻquv materialini vizual tarzda koʻrsatishi mumkin boʻlgan virtual doskani tanlash imkoniyatiga ega.
“Funksiyadan foydalanish uchun oʻqituvchi va oʻquvchi ishlaydigan qurilmada Zoom oʻrnatilgan boʻlishi kerak. Agar foydalanuvchining pullik akkaunti boʻlmasa u holda bepul video konferensiya 40 daqiqa davom etadi. Kundalikdagi Zoom orqali video darslar yaratish uchun oʻqituvchi oʻz login maʼlumotlarini bir marta kiritishi kerak, tizim uni eslab qoladi va kelasi safar darsni rejalashtirish boʻyicha onlayn darslarni bir marta bosish orqali yaratish mumkin”, — dedi “Kundalik"ning texnik qoʻllab-quvvatlash xizmati rahbari Hilola Izzatova.
Taʼkidlanishicha, ushbu funksiya mavjud boʻlgan maktablar roʻyxati asta-sekin kengayadi. 2021-yil dekabr oyi oxirigacha barcha maktab oʻqituvchilari yangi imkoniyatdan foydalanishlari rejalashtirilgan. Kalendar rejalashtirishda tegishli interfeys elementlari paydo boʻladi.