Markaziy Osiyoning uchta davlati, xususan, Oʻzbekiston ham aholi uchun eng arzon elektr energiyasi boʻyicha dunyoning yetakchi oʻnta mamlakati qatoriga kirdi. Bu haqda Britaniyaning Cable.co.uk ekspert portaliga tayanib “centralasia.media” xabar bermoqda.

Mutaxassislar 230 davlatda elektr energiyasi narxlarini tahlil qilishdi. Maʼlum boʻlishicha, eng arzon energiya tashuvchilar Shimoliy va Markaziy Afrika mamlakatlarida, shuningdek, sobiq SSSR davlatlarida joylashgan.

Markaziy Osiyo mintaqasida Qirgʻiziston jahon reytingida 4-oʻrinni egallab, yetakchilik qilmoqda.

Qirgʻizistonliklar bir kilovatt-soat elektr energiyasi uchun $0,017 toʻlaydi. Bir kilovatt-soat narxi $0,023ni tashkil etgan Tojikiston 6-oʻrinda. 7-oʻrinni egallagan Oʻzbekistonda aholi uchun elektr energiyasi $0,027 turadi. Bu jahon reytingida 16-oʻrinni egallagan Qozogʻistondan ($0,039) arzonroq.

Dunyodagi eng qimmat elektr energiyasi Karib dengizi, Tinch okeanining olis orol davlatlari, shuningdek, Germaniya va Somalida ekani aniqlandi. Ushbu mamlakatlar aholisi bir kilovatt-soat uchun $0,30 dan $0,69 gacha toʻlashlari kerak.

Avvalroq Spot Oʻzbekistonda 2025-yilga borib 18 ta yangi elektr stansiyalari ishga tushirilishi haqida yozgan edi.