Markaziy bankning xabar berishicha, noyabr oyi yakunlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik oʻsishi 13,4% ni tashkil etgan boʻlsa, nooziq-ovqat va xizmatlar guruhlariniki mos ravishda 7,9 va 8,1% darajasida boʻldi.
Xabarga koʻra, mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar, yoqilgʻi mahsulotlari va tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) oʻzgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi 8,9% gacha pasaygan. Bunda, bazaviy inflyatsiyaning umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi hissasi 6,8% ni tashkil etib, 2018-yildan beri eng past koʻrsatkichni qayd etdi.
Taʼkidlanishicha, noyabr oyida inflyatsiya yillik 10,3% ni tashkil qildi.
Shuningdek, joriy yilning 11 oyida qayd etilgan iqtisodiy faollik va tarmoqlardagi ijobiy koʻrsatkichlarni hisobga olib yil yakunlari boʻyicha iqtisodiy oʻsish surʼati 6,5−7,2% atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, kreditlash faolligining saqlanib qolishi natijasida yanvar-noyabr oylarida iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 31% ga oʻsgan boʻlsa, kreditlarning qaytuvchanlik darajasi 14% bandga yaxshilanib, 72% ga yetdi.
Avvalroq Spot Oʻzbekistonda oktyabr oyida inflyatsiya yillik 10,6% ni tashkil qilganligi haqida yozgan edi.