Majburiy ijro byurosi Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida joylashgan ikkita binoni auksion savdosiga qoʻydi.

Bular “Oqlon” texnoparkining ishlab chiqarish binolari boʻlib, 2019-yilda “sendvich panellar” bilan qurilgan. Har ikki binoda gaz, elektr, suv va kanalizatsiya mavjud.

Binolardan biri 0,13 gektar maydonni egallaydi. Umumiy maydoni 2756 kv.metr, shundan kadastr boʻyicha 10 ta xonadonning foydali maydoni 2678 kv.metrn tashkil etadi.

Birinchi lotning boshlangʻich bahosi — 5,37 mlrd soʻmni tashkil etadi.


Yana bir bino biroz kattaroq — poydevor ostida 0,14 gektar hudud mavjud, binoning umumiy maydoni 2853 kv.metrni tashkil etadi. Shuningdek, unda ham 10 ta xona mavjud, ularning umumiy foydalanish maydoni 2753 kv.metr.

Ikkinchi lotning boshlangʻich bahosi — 5,64 mlrd soʻmni tashkil etadi.

Obyektlar xoʻjalik sudining qarori bilan sotuvga qoʻyilgan.

MIB Oqlon texnopark majmuasidan yana ikkita binoni ham kimoshdi savdosiga qoʻydi. Ularning har biri 5,4 mlrd soʻmga baholandi.

Barcha lotlar boʻyicha savdolar 27-dekabr kuni boʻlib oʻtadi. Arizalarni qabul qilishning oxirgi muddati — 25-dekabr.

“Oqlon” texnoparki Vazirlar Mahkamasining 2018-yilda qabul qilingan qaroriga muvofiq qurilgan. Bu yerda investitsiyalarni jalb etish, raqobatbardosh yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishi nazarda tutilgan edi.