Taniqli tadbirkor, “korzinka.uz” asoschisi Zafar Hoshimov Youtube-dagi “Ular” koʻrsatuvida “Makro” supermarketlar tarmogʻi bilan raqobat haqida toʻxtalib oʻtdi.
" “Makro” supermarketlar tarmogʻi rahbariyati bilan aloqalarim professional munosabatlar asosiga qurilgan. Raqobatchimiz, lekin oʻzaro adovat yoʻq. Aslida raqobat deganda ham juda kuchli raqobat emas, chunki bizning bozor hali bu darajaga yetib kelmagan" , dedi Zafar Hoshimov.
Uning taʼkidlashicha, agar “Makro” va “korzinka.uz"ning birgalikdagi ulushini qoʻshib hisoblasa ham bozorning atigi 5−6%ini tashkil etadi xolos.
“Aytaylik, katta dengizda ikkita qayiq suv talashmaydi-ku, bizda ham vaziyat xuddi shunday”, deya taʼkidladi tadbirkor.
Shuningdek, suhbat davomida u Yevropa davlatlari, xususan, Fransiyada aholining 92% qismi xaridni supermarketlardan amalga oshirishini, bunday joyda raqobat sezilishini, Oʻzbekistonda esa holat boshqacharoq, yaʼni bozor hali boʻsh ekanligini qoʻshimcha qilgan.