Qonunchilik palatasi matbuot xizmatining xabar berishicha, qonun loyihasida avtomototransport vositalari elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilganda, shartnomani notarial tasdiqlash talabini bekor qilish hamda ushbu turdagi shartnomalarni oddiy yozma shaklda tuzish mumkinligi nazarda tutilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka koʻra, avtomototransport vositalari ijaraga berilganda ijara shartnomasini notarial tasdiqlash talab etiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Maʼlumot uchun, amaldagi davlat boji stavkalariga koʻra, mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini notarial tasdiqlaganlik uchun:
- mulkdorning qarindoshlariga — BHMning 25%i (67,5 ming soʻm);
- boshqa jismoniy shaxslar uchun — BHMning 50%i (135 ming soʻm);
- yuridik shaxslar uchun yoki agar taraflardan biri yuridik shaxs boʻlsa — BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida davlat boji toʻlanishi belgilangan.
Avvalroq yuridik shaxslarga ham avtomobillarni qisqa muddatga ijaraga olishga ruxsat berilgandi.