Markaziy bankning joriy yilning noyabr oyi uchun aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalari sharhini (PDF) tayyorladi. Unga koʻra, kelgusi 12 oy uchun narxlar oʻsishi boʻyicha respondentlarning inflyatsion kutilmalari 16,5% ni tashkil etdi.
Aholining inflyatsion kutilmalari yillik inflyatsiya darajasidan yuqori darajada shakllanayotganligiga qaramasdan, respondentlarning koʻpchilik qismi inflyatsiyani 9−12% atrofida boʻlishini kutishayotganini bildirishgan.
Respondentlar kelgusida narxlar oshishiga asosiy omillar sifatida milliy valyuta kursining qadrsizlanishi (47%), yoqilgʻi mahsulotlari va transport xarajatlarining qimmatlashishi (43%) hamda ulgurji savdo nuqtalarining kamayishi natijasida mahsulotlar taklifining qisqarishini (23%) keltirishgan.
Shuningdek, noyabr oyi yakunlari boʻyicha kelgusi 12 oy uchun narxlar oʻsishi boʻyicha respondent tadbirkorlik subyektlarining kutilmalari 15,6% gacha yuqoriladi.
Aholi vakillarida boʻlgani kabi tadbirkorlik subyektlarining koʻpchilik qismi ham inflyatsiya koʻrsatkichining 9−12% oraligʻida shakllanishini kutayotganliklarini bildirishgan.
Kelgusida narxlar oshishiga asosiy omillar sifatida tadbirkorlik subyektlari yoqilgʻi mahsulotlari va transport xarajatlarining qimmatlashishi (49%) hamda milliy valyuta kursining qadrsizlanishini (44%) keltirishgan.
Soʻrovda qatnashgan iqtisodiyot subyektlarining deyarli 14%i kelgusida turar joy, tijoriy bino hamda ijara toʻlovlarining ham oshishini bildirayotgan boʻlsa, mahalliy boshqaruv organlarining aralashuvi davom etishi mumkinligi respondentlarning 13%i tomonidan kutilmoqda.
Avvalroq Spot Oʻzbekistonda noyabr oyida inflyatsiya yillik 10,3% ni tashkil qilganligi haqida yozgan edi.