Prezident Shavkat Mirziyoyev xizmat koʻrsatish sohasini takomillashtirishga oid videoselektor yigʻilishida turizm va mehmonxonalar sohasiga alohida toʻxtaldi.
Maʼlum qilinishicha, yangi mehmonxona, dam olish maskanlari uch yil davomida mol-mulk va yer soligʻini 2 barobar past stavkada toʻlaydi.
“Bir oy muddatda maxsus soliq rejimi joriy qilinadigan tuman va shaharlar roʻyxati shakllantirilib, qaror loyihasiga ilova qilinsin. Shuningdek, qishloqlarda yangidan oʻrnatiladigan aloqa operatori stansiyalari mol-mulk va yer soligʻidan ozod etiladi”, deya prezidentning soʻzlarini keltirdi “kun.uz” muxbiri.
Shuningdek, turizm sohasi uchun maxsus soliq rejimi joriy etilib, uch yil davomida aylanmadan olinadigan soliq va ijtimoiy soliq 1% stavkada, mol-mulk va yer soliqlari esa hisoblangan summadan 1%i miqdorida belgilanadi. Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mehmon uylarini tashkil etish va taʼmirlash uchun ham, imtiyozli kredit ajratiladi. Buning uchun kelgusi yilda 500 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi.