Navoiyda politexnika universiteti tashkil etiladi. Yangi universitet Navoiy davlat konchilik instituti negizida tashkil etilishi koʻzda tutilmoqda.
Loyihaga koʻra, universitet Navoiy kon-metallurgiya kombinati tasarrufida faoliyat yuritadi hamda Navoiy davlat konchilik institutining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari, shu jumladan xalqaro shartnomalari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Universitetga qabul parametrlari belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Navoiy davlat konchilik institutida tahsil olayotgan talabalar esa universitetda oʻqishni davom ettiradi.
Shuningdek, universitetni transformatsiya qilishda nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari hamda kompaniyalarini jalb qilish choralari koʻriladi. Taʼlim maskani bosqichma-bosqich oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkaziladi hamda akademik mustaqillik beriladi. Qolaversa, hamkor sifatida biriktirilgan nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan kelishuv asosida taʼlim jarayoniga ularning professor-oʻqituvchilari jalb qilinadi va chet tillarida oʻqitiladigan fanlar bosqichma-bosqich kiritib boriladi.
Navoiy viloyati hokimligi universitetga yangi bino va inshootlarni qurish maqsadida 2022-yil may oyiga qadar yer maydoni ajratadi. Qaror loyihasida universitetning huquqlari, asosiy vazifalari va yoʻnalishlari belgilab qoʻyildi.
Avvalroq Spot Termizda muhandislik-texnologiya instituti tashkil etilishi haqida yozgan edi.