Yangi koʻrinishdagi nominal qiymati 50 000 soʻm va 100 000 soʻm boʻlgan banknot shaklida pul belgilarini muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.
Yangi 50 ming soʻmlik banknota tasviri:
Banknot old tomoni chap qismida Surxondaryo viloyatida joylashgan XI-XII asrlarga tegishli ABU ISO TERMIZIY MAQBARASI meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.
Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi III-I asrlarga tegishli boʻlgan Surxondaryo viloyati hududidagi qadimiy yodgorlik — FAYOZTEPA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI tasvirlangan.
Yangi 100 ming soʻmlik banknota tasviri:
Banknot old tomoni chap qismida Xorazm viloyatining Xiva shahrida joylashgan ICHAN QALʼA tarixiy muzeyi tasvirlangan.
Banknot orqa tomonida III-IV asrlarga tegishli boʻlgan qadimiy Xorazm davlatining poytaxti vazifasini bajargan qalʼa — ANGKAQALʼA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI tasvirlangan.
Markaziy bank xabariga koʻra, yangi koʻrinishdagi 50 ming va 100 ming soʻmlik kupyuralar 2021-yilning 22-dekabridan boshlab muomalaga chiqariladi. Hozir amalda boʻlib turgan 2017-yilda chiqqan 50 ming soʻmlik va 2019-yilda chiqqan 100 ming soʻmlik banknotlar ham muomaladan chiqarilmaydi va ular oʻz toʻlov qobiliyatini saqlab qoladi.
“Yangi koʻrinishdagi pul belgilari ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart”, deyiladi MB xabarida.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda 2021-yilning 14-iyunidan boshlab nominal qiymati 2 000 soʻm va 20 000 soʻm boʻlgan banknot koʻrinishidagi yangi pul belgilari muomalaga chiqarilgandi. 2021-yilning 26-avgustidan boshlab esa muomalaga Oʻzbekistonda 5 ming va 10 ming soʻmlik banknotalar yangi koʻrinishda chiqarilishini boshlagan edi.