“Meva-sabzavotchilik sohasini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, tarmoqda klaster va kooperatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-52, 15.12.2021-y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2022-yil 1-yanvardan:
- fermer, dehqon xoʻjaliklari va boshqa mahsulot yetishtiruvchilarga — meva, uzum, sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, koʻkatlar va dorivor oʻsimliklar, dukkakli va moyli ekinlarni yetishtirish uchun hosil qiymatining 50 foizigacha yillik 14 foiz stavkada 6 oylik imtiyozli davr bilan 12 oy muddatga kredit ajratiladi;
- meva-sabzavotlarni qayta ishlovchi, saqlovchi va eksport qiluvchilarga — yetishtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilishga talab etiladigan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun yillik 14 foiz stavkada 12 oylik “revolver” kredit beriladi.
Mazkur tadbirlarni moliyalashtirish uchun Jamgʻarmaga 2 trln soʻm budjet ssudasi ajratiladi.
2022-yil 1-martdan:
- meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xoʻjaliklariga — eksport shartnomasi mavjud boʻlib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sugʻurtalash xizmatidan foydalanganda toʻlangan sugʻurta mukofotining 50 foizi, biroq sugʻurta pulining 1 foizdan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi;
- meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) — xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman boʻlimlari orqali kompensatsiya qilinadi.