Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdi. Allamjonovning fikricha, TikTok kabi platformalar faoliyatini cheklash emas, ular bilan yaqin muloqotga kirishish barcha uchun manfaatli boʻladi.
“TikTok zararli boʻlsa, uni foydali resursga aylantirish lozim. Shu va bunga oʻxshash kompaniyalar faoliyatini cheklash emas, balki ular bilan yaqindan muloqot, hamkorlik oʻrnatgan holda ishlash hamma uchun koʻproq manfaatli va toʻgʻriroq boʻladi deb oʻylayman. Aynan shu maqsadda bugun TikTok kompaniyasining vitse-prezidenti doktor Teo Bertram va kompaniyaning masʼul xodimlari bilan juda samarali onlayn uchrashuv oʻtkazdik”, deya xabar qoldirgan Allamjonov.
Taʼkidlanishicha, uchrashuvda oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qilingan. TikTok vakillariga tarmoqning ichki normalari va ayrim tartib-qoidalarini koʻrib chiqish, uni Oʻzbekiston qadriyatlari, urf-odatlar va mentalitetimizga moslash boʻyicha takliflar berilgan. Tarmoq rahbari ilovaga oʻzbek tilini ham kiritishga tayyor ekanliklarini maʼlum qilgan.
Avvalroq Spot Telegram asoschisi Pavel Durovning messenjerning rivojlanib borayotganligi, odamlar ayrim “ochkoʻz” korporatsiyalardan charchaganligi haqidagi postini oʻzbek tilida havola etgan edi.