Markaziy bank yangi 50 ming soʻmlik banknota dizaynida chalkashlikka yoʻl qoʻyilgani toʻgʻrisida tarqalgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.
“Milliy valyutamiz dizayniga befarq boʻlmagan fuqarolarimiz tomonidan 50 000 soʻmlik banknot namunasining old tomonida “Al-Hakim at-Termiziy” maqbarasi tasviri tushirilgani, ammo maqbara nomi “Abu Iso at-Termiziy” deb yozilgani bildirildi.
Mutaxassislar bilan qayta oʻrganish natijasida haqiqatan ham namunadagi tasvir va uning nomlanishida texnik xatolik mavjudligi maʼlum boʻldi.
Shu sababli Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki yangi dizayndagi 50 ming soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarilishidan oldin uning namunasida aniqlangan texnik xatolik bartaraf etilishini hamda maqbaraning nomi toʻgʻri qayd etilishini maʼlum qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki banknotlar dizaynlariga befarq boʻlmagan barchaga oʻz minnatdorchiligini bildiradi", deyiladi Markaziy bank xabarida.
Avvalroq Markaziy bank yangi dizayndagi 50 000 va 100 000 soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarilishi hamda ularning koʻrinishi toʻgʻrisida axborot bergan edi. Yangi koʻrinishdagi banknotlar 22-dekabrdan muomalaga chiqariladi.