“ACWA Power” (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasida quriladigan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi (ShES) loyihasi boʻyicha bitimlar imzolandi. Loyiha qiymati 108 million dollarni tashkil etdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Loyihani amalga oshirish uchun maxsus tashkil etilgan “ACWA Power Wind Karatau FE LLC” MChJ kompaniyasi “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan 25 yil muddatga elektr energiyasini sotib olish shartnomasini imzolagan.
Shuningdek, “ACWA Power Wind Karatau FE LLC” MChJ va “ACWA Power” kompaniyalari Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hukumati bilan Davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi bitim (GSA) ham tuzgan.
Qoraoʻzak tumanidagi shamol elektr stansiyasi “ACWA Power” kompaniyasining Oʻzbekistondagi toʻrtinchi loyihasi hisoblanadi. Kompaniya, xususan, Sirdaryo viloyatida ikkita bugʻ-gaz qurilmasiga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasini ham amalga oshirishda hamkorlik qilmoqda.
Avvalroq Spot 2021-yil yakunigacha O‘zbekistonda 10ta elektr stansiya ishga tushirilishi haqida yozgan edi.