Prezident qaroriga asosan, Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan $100 mln ekvivalenti miqdoridagi qarz mablagʻlari Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga milliy valyutada yoʻnaltiriladi.
Koʻrsatilgan mablagʻlar tijorat banklariga tomorqa yer egalariga qoida tariqasida, 100 bosh parranda, 5−10 bosh kurka, 20 bosh quyon, 5−6 bosh qoʻy va echki, 5 ta asalari uyasi, intensiv usulda baliq boqishni yoʻlga qoʻyish, shuningdek, ixcham issiqxonalar, “dala doʻkonlari” qurish, artezian quduqlarini qazish; kichik intensiv bogʻdorchilik, limonchilik va uzumchilik; poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik uchun kredit ajratiladi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimi yordamchisining tavsiyasiga koʻra “Tomorqa xizmati” MChJlarga urugʻlik va koʻchat, motokultivator va minitraktor, inkubator xarid qilish hamda aylanma mablagʻ uchun 300 mln soʻmgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Yetakchi tadbirkorlik subyektlariga aholi tomorqalarida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini kooperatsiya asosida yetishtirish va yetishtirilgan mahsulotlarni xarid qilish uchun aylanma mablagʻlarni toʻldirishga kreditlar ajratiladi:
- Jamgʻarma tomonidan 2026-yil 1-yanvarga qadar: tomorqa yer egalari bilan kooperatsiya asosida ish tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga omborxonalarni jihozlash, shuningdek, quritish, saralash va qadoqlash uskunalari xarid qilish xarajatlarining 30%i miqdorida, biroq 150 mln soʻmdan ortiq boʻlmagan hajmda subsidiya beriladi;
- suv taʼminoti ogʻir tomorqa yerlari va foydalanishdan chiqqan maydonlarni sugʻorish uchun vertikal sugʻorish quduqlarini burgʻilash, daryolar, kanallar va boshqa suv obyektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va oʻrnatish xarajatlarining bir qismi qoplanadi.
Koʻrsatilgan chora-tadbirlar uchun 2022-yilda jamgʻarmaga davlat byudjetidan 50 mlrd soʻm ajratiladi.