Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Toshkent yoshlar forumi — 2021 doirasida Oʻzbekistonda PayPal kabi elektron toʻlovlarning ishlamasligi masalasida berilgan savolga javob berdi.
“Haqiqatan ham PayPal tizimida Oʻzbekiston yoʻq. Bunga menimcha, Oʻzbekistonda uzoq yillar davomida konvertatsiya tizimining ishlamagani va shu kabi boshqa sunʼiy toʻsiqlar sabab boʻlgan deb oʻylayman. Aynan shu sabablar tufayli PayPal Oʻzbekistonni oʻz roʻyxatidan chiqarib tashlagan boʻlishi mumkin”, dedi Shermatov.
Shuningdek, u vazirlikning vazifasi Markaziy bank va Moliya vazirligi bilan birgalikda Oʻzbekistonni tizimga kiritish ekanligini qoʻshimcha qildi. Shermatov tez orada bu yoʻnalishda oʻzgarishlar boʻlishiga umid bildirdi.
Oʻzbekistonning ushbu xizmatga qoʻshilishi 2018-yildan beri muhokama qilinib kelinmoqda. Keyinchalik 2018−2019-yillarga moʻljallangan AKTni takomillashtirish boʻyicha yoʻl xaritasiga xalqaro toʻlov tizimlari, jumladan PayPalʼdan foydalanish toʻgʻrisidagi band kiritildi.
Turli vaqtlarda OSON, Uzcard va boshqalar kompaniya bilan muzokara olib borayotgani haqida xabar berishgan.
Biroq oʻtgan yilning oktyabrida Markaziy bank PayPalʼning oʻzi mamlakatdagi faoliyatini cheklaganini maʼlum qilgandi. Regulyator shuningdek, Oʻzbekistonda ham shunga oʻxshash tizimlarning ishlashi uchun hech qanday toʻsiqlar yoʻqligini taʼkidladi.
Bundan tashqari, Prezidentning 2018-yil 14-maydagi topshirigʻini bajarish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan PayPal kompaniyasi bilan dastlabki muzokaralar oʻtkazilib, suhbat davomida kompaniya Oʻzbekistonda ishga tushirishni rejalashtirmagani maʼlum boʻldi.