Andijonda kiyim-kechak ishlab chiqarish, sotish, xususan eksport bilan shugʻullanuvchi “Quality textile production” MChJ tomonidan tovar belgisidan noqonuniy foydalanish holati boʻyicha murojaat kelib tushgan.
Korxona “GRATUDE” tovar belgisidan foydalanishda mutlaq huquq egasi sanaladi. Ammo aniqlanishicha, Andijon shahri, Choʻlpon shoh koʻchasi, 10-uyda joylashgan “Oʻzbegim savdo markazida” faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyekti “GRATUDE” tovar belgisidan huquq egasi ruxsatisiz, qonunga xilof ravishda foydalanib kelgan.
Fuqaro murojaatiga asosan huquqbuzarga tovar belgisidan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyish haqida taqdimnoma kiritildi va savdo shoxobchasi peshtoqidan “GRATUTE” belgisi olib tashlandi.
Avvalroq Spot Makro tovar belgisidan noqonuniy foydalanishga chek qoʻyilganligi haqida xabar bergan edi.