2022-yil davomida oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida imtiyozli kreditlar yillik 14% stavkada ajratiladi. Bu Prezidentning qarorida koʻzda tutilgan.
Shuningdek, qarorga asosan:
- oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan mehnat faoliyati bilan shugʻullanish va faoliyat turini kengaytirish istagini bildirgan aholi hamda tadbirkorlik subyektlariga — 3 oydan 6 oygacha boʻlgan imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- chorvachilik (qoramol, qoʻy, echki), baliqchilik va parrandachilik (tuxum yoʻnalishi) uchun — 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga;
- bogʻdorchilik, uzumchilik va limonchilikni tashkil etish, issiqxona, qishloq xoʻjaligi texnikasi va asbob-uskunalarni xarid qilish uchun — 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;
- “Hunarmand” uyushmasi aʼzolariga ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun — 3 yilgacha muddatga hamda aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun 18 oygacha muddatga ajratiladi.
Shuningdek, kreditlar mahallada hokim yordamchisining oʻziga biriktirilgan mahallada istiqomat qilayotgan (joylashgan) qarz oluvchiga beradigan tavsiyasi asosida ajratiladi.
Chorvachilikni rivojlantirish yoʻnalishida kreditlar ustuvor ravishda kamida 10 dan 50 boshgacha chetdan keltirilgan naslli chorva mollarini (qoramol, qoʻy, echki) boqish uchun kichik fermalarni tashkil etishga beriladi.
Avvalroq Spot ayrim turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini xarid qilish uchun garovsiz kredit ajratilishi haqida yozgan edi.