Spot, chet elda tahsil olayotgan o’zbek yoshlari bilan suhbat qilish maqsadida “Shaxsiy tajriba” ruknida maqola tayyorlab kelmoqda.

Bugungi qahramon — Yulduz Abdirazzoqova, JIDU bakalavri, hozirda Seul shahrida joylashgan Koreya Universitetida tahsil olmoqda.

Koreyada o’qish fikri qachon paydo bo’ldi

JIDU da 2-kursdan boshlab ikkinchi chet tili o’qitiladi. Tanlov ixtiyoriy bo’lganligi sabab barcha o’zi xohlagan tilni tanlashi mumkin. Men o’shanda koreys tilini tanlaganman. Dars o’tadigan ustozlarimiz koreys millatiga mansub edi.

Tilni o’rganish jarayonida biz faqatgina nazariy qism bilan cheklanib qolmasdan, koreys oshxonasiga mansub taomlar tayyorlar edik, universitetimizda sharq tillari haftaligi davomida bu davlatning go’zalligi va o’ziga xosligini qo’limizdan kelgancha boshqalarga ko’rsatishga harakat qilar edik.

Bundan tashqari, JIDU va Koreyaning bir qator universitetlari bilan almashinuv dasturi imzolangan. Bu dastur doirasida Koreyalik talabalar bizda 6 oylik o’qish uchun kelishardi. Tilni yanada kuchli egallash maqsadida ular bilan suhbat qilgani ko’p borardim.

Ularga Toshkentning eng chiroyli joylarini ko’rsatib, boshqa shaharlarimiz va urf-odatlarimiz haqida gapirib berardim. Bir vaqtning o’zida ular ham o’z davlatlarining jozibasi va yashash tarzi haqida hikoya qilib berishardi. Shu orqali bu davlatga qiziqish ortib, magistraturani o’sha yerda davom ettirishga qaror qilganman.

Foto:Shaxsiy arxivdan

Koreyada universitet tanlashda nimalarga e’tibor berish kerak

Birinchi e’tibor berish kerak bo’lgan jihatlardan biri bu — universitetda o’qitish tili bo’lsa kerak, ingliz va koreys tilida darslar olib borilishiga qarab tanlash mumkin. Ba’zi universitetlarda ingliz tilida darslar umuman bo’lmasligi mumkin.

Albatta reyting ham muhim o’rin kasb etadi. Bundan tashqari, chet ellik talabalarning soniga qarab ham universitetni tanlash imkoni mavjud.

Chunki yashash davomida ko’rib guvohi bo’dimki, Koreyalik yoshlar (agar ularning aorasiga to’g’ri kelmasangiz) boshqa millat vakillariga nisbatan biroz sovuqroq munosabatda bo’lishadi. Katta avlod vakillari esa unday emas.

Foto: Seul shahrida joylashgan Koreya universiteti

Hammani ham bunday deya olmayman, tajribam shuni ko’rsatdiki, til topishib ketish uchun, ularning yashash tarziga moslashish eng asosiy o’rinda turadi.

Agar siz tanlayotgan universitetda xorijlik talabalar soni ko’p bo’lsa, bu universitetning o’qitish bo’yicha tajribasi yuqoriligini va hamjihat (foreign-friendly) ekanligini bildiradi.

O’qishga kirish qiyinmi

Aslini olganda, O’zbekiston va Janubiy Koreya o’rtasidagi aloqalar barcha sohalarda rivojlanib bormoqda. Bu yerda mehnat migranti sifatida ishlayotgan o’zbeklar soni ko’p.

Ta’lim sohasiga keladigan bo’lsak, hozirda O’zbekistondagi konsalting firmalari orqali Koreyaning ko’plab universitetlarida tahsil olish mumkin.

To’lov- shartnoma miqdori va talablar universitet reytingiga qarab o’zgarib boradi. IELTS' ning eng minimal ko’rsatkichi 5 bo’lgan taqdirda ham Koreya universitetlaridan biriga kirib, o’qish mumkin.


Foto:Shaxsiy arxivdan

Meni holatimda bu boshqacha bo’lgan. Men koreys tilini mukammal o’rganib, til bilish sertifikatini qo’lga kiritish uchun imtihon topshirganman. Undan besh olgach (eng yuqorisi 6 ball) hujjatlarni tayyorlashni boshladim. Grantga qabul qilindim, vizani esa Koreya elchixonasi suhbat asosida taqdim etadi.

Umuman olganda qiyin kechmadi deya olaman.

Yashash harajatlari

Koreyada 17mingga yaqin o’zbek fuqarosi yashaydi. Shuni ichida talabalar, mehnat faoliyatini olib borayotganlar mavjud. Talabalar til kursi, balakalavr, magistr, PHDda o’qishadi.

Yashash harajatlari O’zbekistonga qaraganda ancha baland.

Bitta talaba uchun oylik harajatlariga taxminan 1000$ kerak bo’ladi: turar joy 250−300$, ovqatlanishga 300−350$, yo’l kira, telefon uchun va sug’urta uchun 200$ atrofida va o’qish uchun kerak boladigan harajatlar kitob daftar va h.k.lar uchun 100$ (Seul shahri uchun). Bu mening av atrofimdagi talabalarni kuzatishlarimdan kelib chiqqan shaxsiy subyektiv fikrim.

Foto:Shaxsiy arxivdan

Talabalar uchun ish

Mehnat bozori ancha raqobatbardosh. Xorijlik talabalar uchun har yili alohida mehnat bozori yarmarkalari bo’lib o’tadi.

O’zbekistondan kelganlarning asosiy qismi musulmon bo’lganligi sabab, halol mahsulotlar sotiladigan supermarketlarda ishlashadi. Bundan tashqari haydovchilik qilish, o’zbek milliy taomlari tayyorlanadigan oshxonada ishlash va boshqa ishlar bilan shug’ullanish mumkin.

Foto:Shaxsiy arxivdan

Maslahat. Koreys tilini oson deya olmayman. Har bir tilni o’rganish qiyin kechadi. Birinchi o’rinda o’rganishni o’ziga maqsad qilib olinsa, har qanday tilni o’rgansa bo’lsa kerak. Koreys tilini o’rganishda dars qilish bilan birga kino va qo’shiqlar orqali ham o’rganilsa tez o’rganilsa kerak deb o’ylayman. Shu tilni o’rganayotgan inson bilan o’rtoq bo’lib birga o’rganilsa ham yaxshi. Hozirda koreys tilini o’rgatuvchi kurslar, markazlar faoliyat yuritmoqda. Lekin eng avvalo o’rganuvchi hafsala bilan o’zi harakat qilsagina, o’zlashtirish oson kechadi.