Toshkentda yoʻnalishsiz taksi xizmati koʻrsatiladigan harakat tarkibi toʻliq elektromobillarga oʻtkaziladi. Bu haqda Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan loyihada soʻz borgan.
Konsepsiyaga koʻra, Toshkent shahrida yoʻnalishsiz taksi faoliyatini rivojlantirish, yoʻlovchilarga sifatli, qulay, arzon va xavfsiz transport xizmati koʻrsatish, mazkur xizmat turini raqamlashtirish hamda ilgʻor xorijiy tajriba va axborot texnologiyalarini joriy qilish maqsadida quyidagi tadbirlarni amalga oshirish belgilangan:
- yoʻnalishsiz taksi xizmatida faoliyat koʻrsatuvchi harakat tarkibiga qoʻyiladigan talablarni belgilovchi yagona davlat standartlarini ishlab chiqish;
- yoʻnalishsiz taksi faoliyatini tartibga soluvchi meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish;
- yoʻnalishsiz taksi faoliyatini amalga oshirayotgan avtotransport vositalarining tasarruf muddatini cheklash;
- yoʻnalishsiz taksi xizmatini toʻliq elektromobillar va boshqa ekologik toza, “yashil” transport turlariga bosqichma-bosqich oʻtkazish;
- yoʻnalishsiz taksi haydovchilari toʻgʻrisidagi barcha maʼlumotlarni oʻzida jamlagan ID-kartalarni joriy qilish va ularni tegishli davlat organlari elektron axborot bazalariga integratsiyalashni taʼminlash;
- yoʻnalishsiz taksilarning harakatini masofadan onlayn kuzatish va nazorat qilish tizimini joriy qilish;
- haydovchini yoʻnalishga chiqish oldidan kunlik tibbiy koʻrikdan va transport vositasini texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha elektron tizimni joriy etish;
- yoʻnalishsiz taksi xizmati faoliyatiga ruxsat beruvchi litsenziya varaqalarining amal qilish hududini belgilash;
- imkoniyati cheklangan fuqarolarga maxsus moslamali (pandus) taksi xizmatini yoʻlga qoʻyish;
- aholi gavjum joylarda, vokzal va aeroportlarga tutash hududlarda alohida yoʻnalishsiz taksi toʻxtash joylarini tashkil qilish.
Shuningdek, Toshkent shahri aholisi va mehmonlarining talablaridan kelib chiqib, ziyorat turizmining yanada jozibadorligini oshirish maqsadida, yoʻnalishsiz taksilarda hamda buyurtma asosida xizmat koʻrsatadigan transport vositalarini turlarini (“Standart”, “Biznes”, “Ekonom”, “Komfort”) joriy qilinadi.
Avvalroq Spot ayrim turdagi yuk transportlarining Toshkent shahri markaziga kirishiga cheklovlar joriy etilishi haqida yozgan edi.