Toshkent shahriga kirishda yuk avtomobillari vazni va gabaritini oʻlchash uchun koʻchma mobil vazn nazorati moslamalari (tarozilar) oʻrnatish moʻljallanmoqda. Bunda, Toshkent shahri va Toshkent viloyati YPX maskanlarida (Qoʻngʻirot, Bektemir, Sharq, Uch Qahramon, Keles va Turbanov) 6 dona turgʻun tarozilar oʻrnatiladi.
Transport vazirligi va YHX boshqarmasi inspektorlaridan tarkib topgan nazorat guruhi tashkil etiladi, nazorat guruhi 2 dona mobil tarozilar bilan taʼminlanadi va nazorat tadbirlari oʻtkaziladi.
Yuk avtomobillari uchun shahar tashqarisidagi hududlarda zamonaviy avtoturargohlar (Track Stop) hamda ular joylashgan hududlarda logistika xizmatlarini tashkil etish koʻzda tutilgan.
Toshkent shahri va viloyati hududida THAY boʻyida avtoturargohlar (Track Stop) barpo etish uchun davlat-xususiy sheriklik asosida tender natijalariga koʻra yer maydoni ajratiladi. Yuk avtomobillari uchun zamonaviy avtoturargohlar (Track Stop) quriladi.
Toshkent shahri yoʻllarida tirbandlikning oldini olish maqsadida yuk avtotransporti vazniga qarab shahar markaziga kirish uchun cheklovlar joriy etish ham rejalashtirilgan.
Shuningdek, yuk transport vositalari faoliyatini raqamlashtirish ishlari ham kutilyapti. Yuk transporti tizimi uchun yukni taqsimlash, yetkazib berishda buyurtmalarni qabul qilish va yuk koʻtarish qobiliyatidan kelib chiqib, yuklarni manzillarga yetkazishni nazorat qilish boʻyicha yagona elektron platforma joriy etiladi. Yuk transporti tizimidagi harakat tarkibi yagona elektron platforma dasturiga ulanadi.
Avvalroq Spot Oʻzbekiston Xitoydan 4 mingga yaqin yuk avtomobillarini import qilganligi haqida yozgan edi.