Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari importi va realizatsiyasi uchun qoʻshimcha qiymat soligʻidan (QQS) berilgan imtiyozlar muddati uzaytiriladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor Gʻaniyev maʼlum qilgan.
Joriy yilda 2021-yil 1-maydan 31-dekabrgacha boʻlgan muddatda kungaboqar va soya urugʻlari hamda oʻsimlik yogʻi importi, shuningdek oʻsimlik yogʻini ishlab chiqarish va ichki bozorda realizatsiya qilish QQSdan ozod etilgandi.
Shuningdek, “Soliq kodeksi"ga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan 2021-yil 10-oktyabrdan joriy yil oxirigacha goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshka hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish ham QQSdan ozod qilingandi.
“Bugun Parlamentga Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasida aynan shu taklif inobatga olinib, joriy yil oxirigacha berilgan imtiyozlar muddati yana 4 oy muddatga choʻzilishi nazarda tutilmoqda”, deydi deputat.
Taʼkidlanishicha, qonun loyihasiga asosan 2022-yil 30-aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:
- Oʻzbekiston Respublikasi hududiga oʻsimlik yogʻi, kungaboqar va zigʻir urugʻi, shuningdek soya danagini olib kirish;
- oʻsimlik yogʻini (paxta yogʻidan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha aylanma;
- goʻsht (mol, qoʻy, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni soʻyishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish boʻyicha aylanma, shuningdek ularni mamlakat hududiga olib kirish.
Avvalroq Spot bozorlardagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari haqida ma’lumot bergandi.